Yangi IT Park rezidenti bo'sh turgan joydan foydalanib, 2 yilda 4 million dollar IT xizmatlari eksportiga erishish bo'yicha rejalarini taqdim etdi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov Samarqand viloyatiga xizmat safari doirasida “O‘zbektelekom” AK Samarqand filiali telekommunikatsiya bog‘lamalari faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif davomida AKT vaziri Sh. Shermatov telekommunikatsiya bog‘lamalarida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Aholiga sifatli xizmatlarni ko‘rsatish muhimligi ta’kidlandi. Shu maqsadda aholi va xodimlar uchun qulay shart-sharoit yaratish, kompaniya abonent bazasini oshirish va yoshlarni ishga kengroq jalb qilish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Shu bilan birga, Samarqand viloyatida faoliyatini tashkil etgan IT Park rezidenti “ETG TECHNОLOGYS” kompaniyasi amalga oshiradigan rejalari bo‘yicha Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatovga taqdimot qildi.

Mazkur taqdimotda “ETG TECHNОLOGYS” kompaniyasi tomonidan “O’zbektelekom” AK Samarqand filiali tasarrufidagi 234-ATS binosining bo‘sh turgan joylarini o‘z mablag‘lari hisobidan ta’mirlash, dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish maqsad qilingani aytib o‘tildi.  IT Parkning yangi  rezidenti “ETG TECHNОLOGYS” kompaniyasi  bo'sh turgan joydan foydalanib, 2 yilda 4 million dollar IT xizmatlari eksportiga erishish bo'yicha rejalarini ham taqdimotda aytib o'tdi.

Shuningdek, Call markaziga o‘qitish va BPO xizmatlar ko‘rsatishni oshirish, barcha yoshdagi guruhlar uchun robototexnika ta’limiga o‘qitish (AQSHdagi NASA kompaniyasining dasturi asosida), boshlang‘ich dasturiy ta’minotga o‘qitish akademiyasini tashkil etish yo‘nalishlari bo’yicha ish faoliyatini boshlash rejalashtirilgani alohida ta’kidlandi.

AKT vaziri Sh. Shermatov “O‘zbektelekom” AK Samarqand filiali telekommunikatsiya bog‘lamalari faoliyati bilan tanishish davomida BPO xizmatlarini rivojlantirish kabi muhim va istiqbolli yo‘nalishga alohida e’tibor qaratdi.

Qayd etilganidek, yoshlarni AKT sohasiga keng jalb etish va yuqori haq to‘lanadigan IT-kasblarini rivojlantirish ularning bandligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Shu maqsadda binolarni zamon talablari asosida rekonstruksiya qilish, ulardan oqilona foydalanish hamda ularda BPO markazi tashkil etish bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berildi.

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi