O‘zbekiston va Ozarbayjon delegatsiyalarining kengaytirilgan muzokaralari bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdilar.

 

 

Davlatimiz rahbari yig‘ilishni ochar ekan, Ozarbayjon O‘zbekistonning yaqin do‘sti va vaqt bilan sinalgan, ishonchli strategik sherigi ekanini ta’kidladi. Mamlakatlarimizni din, ma’naviy qadriyatlar mushtarakligi, an’analar, til va madaniyat o‘xshashligi bog‘lab turadi.

Shavkat Mirziyoyev o‘zaro manfaatli hamkorlik yuksak darajaga chiqqani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalari va o‘zaro anglashuv mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sherikligini yanada kengaytirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga intilish qat’iy ekanini tasdiqladi.

O‘zbekiston Prezidenti hamkorlik uchun mavjud ulkan salohiyatni ishga solish, ikki mamlakat iqtisodiyotini to‘ldirib turuvchi omillardan foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Xususan, davlatimiz rahbari o‘zaro savdo hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, vinochilik, oziq-ovqat, qurilish, neft-gaz, gaz-kimyo, farmatsevtika, agrosanoat va boshqa tarmoqlarda qator loyihalarni amalga oshirishni taklif etdi. Mamlakatlarimizda istiqbolli kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqish va ilgari surish maqsadida qo‘shma Investitsiya fondini tashkil etishga kelishib olindi.

Shuningdek, mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozoriga eksport qilish uchun davlatlarimiz hududidagi erkin iqtisodiy zonalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Shu ma’noda, transport kommunikatsiyalari tizimidan, shu jumladan “Boku – Tbilisi - Qars” temir yo‘lidan foydalangan holda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari kelishib olindi. Ikki tomonlama savdo va tovarlar tranziti yo‘lidagi to‘siqlarni o‘z vaqtida bartaraf etish uchun transport vazirlari rahbarligidagi maxsus ishchi guruh tashkil etiladi.

Hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi – qishloq xo‘jaligi. Bu boradagi imkoniyatlar qayd etilar ekan, mutasaddi vazirlarga ipakchilik klasterini tashkil etish, g‘o‘zachilikdagi loyihalarni ilgari surish, innovatsion ishlanmalarni joriy qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni kelishib olish topshirildi.

Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim o‘rin tutadi. Tomonlar yaqin fursatda mamlakatlarimiz poytaxtlari va yirik shaharlari o‘zaro hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yishiga kelishib oldilar. Davlatimiz rahbari joriy yilda Toshkent shahrida birinchi Hududlar forumi va ularning sanoat salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazmani o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

Turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish ham ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qilishi qayd etildi. Prezidentlar bu borada alohida dastur qabul qilish va qo‘shma turizm yarmarkasini o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladilar.

Muzokaralar chog‘ida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, jumladan, Madaniyat va kino kunlarini o‘tkazish, oliy ta’lim dargohlari, ilmiy muassasalar, sport va yoshlar tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish yuzasidan  qator boshqa kelishuvlarga ham erishildi.

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti