Innovatsion rivojlanish vaziriga Obuda Universiteti Faxriy professori unvoni berildi

nnovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya a'zolari Vengriyaning Obuda Universitetiga tashrif buyurishdi.

Tashrif davomida innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonovga Vengriyaning Obuda Universiteti Faxriy professori unvoni berildi. Unvon Vengriya Innovatsiyalar va texnologiyalar vaziri Lazlo Palkovich va Obuda universiteti rektori Levente Kovach tomonidan topshirildi. 

Tantanali marosimdan so'ng Ibrohim Abdurahmonov O'zbekistonda genomika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bo'yicha Obuda Universiteti professor-o'qituvchilari, talabalari va tadqiqotchilarga ma'ruza o'qidi. Ishtirokchilar qurg'oqchilik, sho'rlanish va turli kasalliklarga chidamli biotexnologik g'o'za navlarini yaratish, genomlarni tahrir qilish vositalari va yangi avlod transgenomikasi bo'yicha o'zbek olimlari tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar haqidagi ma'lumotlarni qiziqish bilan tingladilar. Shuningdek, vazir ma'ruzada ushbu usullarni boshqa qishloq xo'jaligi ekinlari va dorivor o'simliklarga qo'llash amaliyoti, O'zbekiston uchun genom selektsiyasi dasturlarini yaratish va virtual selektsiya, biologik faol birikmalarni sintez qilish masalalariga to'xtaldi. 

O'z o'rnida Lazlo Palkovich Vengriya innovatsion ekotizimi rivojlantirishda Vengriya tajribasi mavzusida taqdimot o'tkazdi.

 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi